Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ Axborot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, bugun Toshkent shahrida kuniga 1 000 dan ortiq katta va oʻta katta sigʻimli avtobuslar siqilgan tabiiy gaz (metan) yoqilgʻisida harakatlanadi. Mazkur avtobuslarni siqilgan tabiiy gaz bilan taʼminlash 33 ta AGTKSHlardan amalga oshirib kelingan.
Biroq havo harorati pasaygani sababli aholi, ijtimoiy muassasalar va strategik muhim obyektlarga tabiiy gazni teng ravishda yetkazib berishni taʼminlash maqsadida avtobuslarni gaz bilan taʼminlaydigan AGTSH soni 11 tagacha qisqartirilgan.
Shundan kelib chiqib, “Hududgaz poytaxt” filiali va Toshkent shahar hokimligi bilan kelishuvga koʻra, poytaxtda faoliyat yuritayotgan AGTSH roʻyxati tasdiqlanib, “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati tomonidan tasdiqlangan roʻyxat asosida avtobuslarni AGTSHga yetkazish jadvali ishlab chiqilgan.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, AGTSHgacha boʻlgan masofaning oshishi, qishda gaz isteʼmolining koʻpayishi hamda magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi tufayli avtobuslarga yonilgʻi quyish vaqti sezilarli uzaygan va bu shoxobchalarda navbatlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Mazkur vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish, yoʻnalishlardagi avtobuslar harakati va oraliq intervalni saqlab qolish hamda yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan transport xizmatlarining uzluksizligini taʼminlash maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan tungi navbatchilik tashkil etilgani va vaziyat doimiy nazoratda ekani bildirildi.