Toshkentda “Xizb ut-Tahrir”ning 10 nafar aʼzosi qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 15 Sentabr 2021 868

    Aniqlangan “tahrirchilar”ning barchasi muqaddam mazkur tashkilot safida sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini oʻtab chiqqan shaxslar hisoblanadi.

    Joriy yilning 15-sentyabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 10 nafar “Xizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti aʼzolarining jinoiy faoliyatiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

    Aniqlangan “tahrirchilar”ning barchasi muqaddam mazkur tashkilot safida sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini oʻtab chiqqan shaxslar hisoblanadi. Ular Internet tarmogʻi orqali xorijda yashirinib kelayotgan “Xizb ut-Tahrir” aʼzolari bilan aloqa qilib, ularning koʻrsatmalari asosida aholi orasida tashkilot gʻoyalarini targʻib qilish va tarafdorlari safini kengaytirish bilan shugʻullanib kelganlar.

    Mazkur shaxslarning yashash manzillari va uyali aloqa vositalarida “Xizb ut-Tahrir”ga tegishli boʻlgan adabiyotlar va materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qoʻyilgan.

    Hozirda ularning noqonuniy hatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida, tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda, deb xabar bermoqda IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi.