Toshkentda 2 nafar elektr tarmogʻi xodimi 10 ming dollar pora bilan ushlandi

    Toshkent shahrining Chilonzor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, elektr tarmogʻi korxonasi xodimlari elektromobil quvvatlagich uskunasini oʻrnatish va unga ruxsatnoma olib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilganlikda qoʻlga olindi.

    Poytaxt IIBB Axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu xodimlardan biri tuman elektr taʼminoti boʻlimida bosh muhandis lavozimida, ikkinchisi esa elektr usta sifatida ishlagan.

    Ular fuqaro tomonidan berilgan 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda, holislar ishtirokida daliliy ashyo bilan ushlandi.

    Huquq-tartibot organlari eslatishicha, elektromobillar uchun quvvatlovchi uskuna oʻrnatib tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan shaxslar avvalo “Yagona darcha” orqali murojaat qilishlari lozim. Shundan soʻng, elektr tarmoqlari korxonasi hududning texnik va infratuzilma holatini oʻrganadi, kerakli hujjatlarni tekshiradi.

    Agar arizachi tomonidan koʻrsatilgan joy belgilangan talablarga javob bersa, loyiha ishlab chiqiladi va bepul ruxsat beriladi. Faqatgina texnika va uskuna xarajatlari uchun toʻlov olinadi.