2023-yil 30-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tuman sudining ochiq sud majlisida Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismining “g” bandi ayblangan S. R. (2001-yil Toshkent shahrida tugʻilgan, Toshkent davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
Maʼlum boʻlishicha, S. R. dinga boʻlgan qiziqishlari zamirida oʻzi foydalangan telefon apparatining telegram ilovasidagi sahifasi orqali “VK music bot” orqali koʻchirib olingan aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻirilgan audioqoʻshiq (nashida) ni tanishiga tarqatish maqsadida yuborib, internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib tarqatgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan berilgan 2022-yil 18-iyuldagi IP-1218-sonli xulosasiga koʻra, diniy mazmundagi S. R. tarqatgan diniy qoʻshiq (nashida) aqidaparastlik gʻoyasi bilan yoʻgʻrilgan boʻlib, bu kabi diniy materialni mamlakatimiz hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanganligi koʻrsatilgan.
Sudlanuvchi sud majlisida dastlabki tergov jarayonida qiynoqqa solinganligi haqida koʻrsatma bermagan va vajlar keltirmagan.
Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun qonunda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. S. R. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, modda sanksiyasida nazarda tutilgan jazodan ham kamroq jazo tayinlash uchun asoslar yetarli boʻlmagan. Sud jazo tayinlashda qonuniylik, insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga amal qiladi.
Davlat ayblovchisining muzokara nutqida qancha jazo muddati yoki qanday jazo turi soʻraganligi aybdor shaxsga jazo tayinlashda muhim omil hisoblanmaydi.
Birinchi instansiya sudining hukmi qonuniy kuchga kirmagan boʻlib, ushbu hukmdan norozi boʻlgan taqdirda apellyatsiya shikoyati (protesti) qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda berilishi mumkin.