2 Mar 2025
19:45

    Toshkentda 250 oʻringa ega Nevrologiya va insult markazi quriladi

    Poytaxtimizda Oʻzbekiston va Yaponiya hukumatlari oʻrtasida uchrashuv hamda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi oʻtkazildi.

    Ushbu muzokaralar davomida Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbuskorligida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasi uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan qariyb 150 mln. AQSH dollari ekvivalentida investitsiya kiritiladigan boʻldi.

    Qayd etilishicha, ushbu loyiha doirasida Toshkent shahrida 250 oʻringa ega, 600 nafardan ortiq tibbiyot xodimlarini oʻzida jamlagan, nevrologiya va insult holatidagi bemorlarga kasallikning oʻtkir davridan to reabilitatsiya davrigacha boʻlgan uzluksiz-tizimli tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan bino qad rostlashi kutilmoqda.

    Mazkur yirik muassasada simulyatsion trening-markaz ham tashkil etilib, eng ilgʻor tibbiy jihozlar bilan taʼminlanadi. Shuningdek, bu yerda tor soha mutaxassislarini tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
    Muassasani boshqarish uchun birinchi besh yillikda Yaponiyadan sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha 5 nafar yetuk menejer jalb qilinishi, shuningdek, 150 nafar mahalliy tibbiyot xodimining kunchiqar yurtda malaka oshirib qaytishi koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vaziri A.Xudoyorov va JICA prezidenti A.Tanaka oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar asosida nafaqat ushbu markaz va uning hududiy boʻlimlarini qurish va jihozlash, balki tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish va milliy klinik protokollarni yaratish, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini mammograf jihozlari bilan taʼminlash, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi, neyroxirurgiya, endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning hududiy filiallari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish kabi qator loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun yana qoʻshimcha 500 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech