баннер
22 Apr 2025
20:16

    Toshkentda 4 kishini Hajga joʻnatish uchun 27,2 ming dollar olayotgan tur-firma xodimi ushlandi

    Tur-firma xodimi 2 kishini Hajga joʻnatish uchun 10 ming dollar olganda qoʻlga olingan. Ikkala tur-firmaning ham ushbu faoliyat turi bilan shugʻullanishga litsenziyasi yoʻq boʻlgan.

    Kuni kecha Toshkent shahar IIBB, DXX Toshkent shahar boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mana shunday soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Xususan, Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan “Mahdiy turizm” masʼuliyati cheklangan jamiyat xodimi 1995-yilda tugʻilgan Abdulaziz Joʻraboyev toʻrt nafar fuqaroga “Haj” safariga yuborishni vaʼda qilgan.

    A.Joʻraboyev MCHJning ushbu faoliyat turi bilan shugʻullanishga litsenziyasi yoʻqligini bila turib, ulardan aldov yoʻli bilan 27.200 AQSH dollarini olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

    Yana bir noqonuniy holat poytaxtimizning Shayxontohur tumanida qayd etildi. “Sohil turizm” masʼuliyati cheklangan jamiyat direktori 1991-yilda tugʻilgan Sirojiddin Nuriddinov ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni “Haj” safariga yuborishni vaʼda qilib, bunday faoliyat turi bilan shugʻullanishga litsenziyasi boʻlmasada, 10.000 AQSH dollarini olgan vaqtida xolislar ishtirokida ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etildi.

    «Hurmatli fuqarolar! Agar siz ushbu shaxslardan va sayyohlik firmalaridan jabr koʻrgan boʻlsangiz Toshkent shahar IIBB ning 71-206-43-02 raqamiga yoki 102 raqami orqali murojaat qilishingizni soʻraymiz«, deyiladi IIBB xabarida.

    Litsenziyaga ega sayyohlik firmalarining manzili va aloqa raqamlari haqidagi maʼlumotlar bilan Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning rasmiy sahifalari orqali tanishish mumkin.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech