Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi maʼlum qildi.

1995-yilda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida tugʻilgan mazkur shaxsning jinoiy faoliyati Fargʻona viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan fosh etilgan. U Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi uchinchi qismi “g” bandi (axborot tizimidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) asosida qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahri Yunusobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.

Maʼlum boʻlishicha, Fargʻona tumani “Shohimardon” mahallasida yashovchi fuqaro IIBga murojaat qilgan. Uning bildirishicha, Telegram orqali nomaʼlum shaxs qoʻngʻiroq qilib, oʻzini «Green Bio Face» MCHJ vakili sifatida tanishtirgan hamda “Omadli mijoz” loyihasida gʻolib boʻlganini aytgan. Fuqaroga tanlangan maishiy texnika uchun toʻlovning 80 foizi qoplab berilishi, qolgan 20 foizni esa koʻrsatilgan kartaga oʻtkazish talab qilingan.

Jabrlanuvchi firibgarning gaplariga ishonib, 3,5 million soʻm pul oʻtkazib bergan.

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, gumonlanuvchi Telegramʼda «Green Bio» nomli sahifa ochib, «Laktovita» nomli dori vositasi savdosi bilan shugʻullanuvchi korxona orqali roʻyxatdan oʻtgan 6 871 nafar mijozning shaxsiy maʼlumotlarini yuklab olgan. Shuningdek, u Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Fargʻona, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga nisbatan ham shu turdagi jinoyatlarni sodir etgani maʼlum boʻlgan.

Qoʻlga olingan shaxs “sotuv menejeri sifatida ishlaganini, ishdan boʻshagandan soʻng avvalgi mijozlarga qoʻngʻiroq qilib, 80 foiz imtiyozli vaucher yutganini aytgan holda pul oʻtkazdirib olgani va mablagʻni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagani”ni tan olgan.

Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. IIB fuqarolarni bu kabi firibgarlar aldoviga uchmaslikka chaqirdi.

Qonunchilikka koʻra, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima, 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari, 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.