Toshkentda 9 yoshli oʻquvchining oʻlimiga sabab boʻlgan haydovchiga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda “Millar” dasturi xabar berdi.
Ayol BYD mashinasini belgilanganidan yuqori boʻlgan tezlikda boshqarib borayotib, avtobusdan tushgan holda yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtayotgan oʻquvchini urib yuborgan va 9 yoshli qizaloq olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgandi.
Hodisa vaqtida shahar yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan avtobus belgilanmagan joyda yoʻlovchini tushirgan. Shu vaqtda 1983-yilda tugʻilgan ayol haydovchi M.A. boshqaruvidagi “BYD Song Plus” rusumidagi avtomashina avtobus ortidan chiqqan va yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtayotgan qizni urib yuborgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudi tomonidan eʼlon qilingan hukmga koʻra, M.A. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, inson oʻlimiga olib kelgan boʻlsa) boʻyicha aybli deb topildi. Sud hukmiga muvofiq, u 4-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi va 2-yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilindi.









