Eksport faoliyati bilan shug'ullanayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo'llab-quvvatlash, mahalliy eksportchilar mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish maqsadida O'zbekiston Eksportchilari uyushmasi va O'zbekiston biznesni rivojlantirish uyushmasi tashabbusi hamda Turizimni rivojlantirish assotsiatsiyasi ko'magida joriy yilning  19–22-fevral kunlari  poytaxtimizning “Grand Mir” mehmonxonasida “Afg'oniston–O'zbekiston” biznes forumi tashkil etilmoqda. Bugun forum ochilish marosimidan so'ng rasman ish boshladi.

Tadbir davomida Afg'oniston Islom Respublikasining Qishloq xo'jaligi, Sanoat va Konchilik hamda Transport va Aviatsiya vazirlari ishtirok etib, o'z yo'nalishlari bo'yicha mamlakatimizdagi vazirlik vakillari bilan uchrashuvlar kutilmoqda. Ushbu uchrashuvlarda mahalliy tadbirkorlarimiz elektroenergetika, neftni qayta ishlash, farmasevtika, turizm-mehmonxona, logistika, qurilish, sanoat va qishloq xo'jaligi yo'nalishlari bo'yicha o'z mahsulotlarini hamkor davlat ishbilarmonlariga namoyish etmoqda. Va bir vaqtning o'zida kelishuvlar bo'yicha shartnomalar imzolanadi. Har bir ishtirokchiga mahsulot taqdimoti uchun 5 daqiqa vaqt ajratiladi. Biznes forum doirasida delegatsiya a'zolari uchun iqtisodiy zonalarga biznes tur va poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtiriladi.

Mamlakatimizning 100 dan ortiq tadbirkorlari ishtirok etish istagini bildirgan biznes forum doirasida ikki davlat rasmiylari va tadbirkorlar uchun  “B2B” uchrashuvlari ham tashkil etiladi.

Yurtimizning eng faol tadbirkorlari va talabgor davlat importyorlarini bir iqtisodiy maydonda jamlovchi mazkur tadbir, O'zbekiston eksport salohiyatini bir necha barobarga oshirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Afg'oniston tadbirkorlari delegatsiyasi orasida yirik investorlar bo'lib, ular O'zbekistonda mehmonxona, restoran va turizm yo'nalishlariga sarmoya kiritish istagini bildirishgan.