Taʼkidlash joizki, 2021-yilning aprel oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi tomonidan tashkil etilgan aqlli shaharsozlik grant dasturida ishtirok etib, “Toshkent shahrining Bektemir va Yangihayot tumanlarida Xalqaro innovatsion qurilish kompleksi va zamonaviy yoʻldosh shahar — Smart sitini barpo etish” mavzusidagi bosh reja va texnik iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqishda texnik yordam koʻrsatishni nazarda tutuvchi loyihani taqdim etgandi. Iyun oyida esa innovatsion rivojlanish vazirligining loyihasi grant dasturi doirasida tanlab olindi va tasdiqlandi. Joriy yilning avgust oyida loyihani amalga oshirishni boshlash rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Koreyaning xorijiy infratuzilma va shaharsozlikni rivojlantirish korporatsiyasining (KIND) Oʻzbekistondagi direktori Kim Xvi Bong oʻrtasida “Toshkent shahrining Bektemir va Yangihayot tumanlarida Xalqaro innovatsion qurilish kompleksi va zamonaviy yoʻldosh shahar — Smart sitini barpo etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugungi kunda respublikada xorijiy davlatlarning muvaffaqiyatli amaliyotiga asoslangan Aqlli shahar dasturini bajarish, milliy infrastrukturani rivojlantirish, xalqaro investitsiya loyihalarini amalga oshirish, samarali yondashuvlar va mexanizmlar integratsiyalashuvi vazirlikning oldida turgan muhim vazifalardan ekanini taʼkidladi.
Ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirishdan maqsad respublikaning uzoq muddatli barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi taʼminlash, Aqlli shahar loyihasini amalga oshirish sohasida katta tajribaga ega boʻlgan xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda shaharning muhandislik, uy-joy, ijtimoiy va innovatsion infratuzilmasini rivojlantirishdir.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikdagi faoliyat yoʻnalishlarini muhokama qilib, investitsiya va grant dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Mazkur hamkorlik Koreya Respublikasi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligining qoʻshma loyihalar, shahar infratuzilmasini rivojlantirishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohasidagi aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish imkonini beradi, bu esa oʻz navbatida innovatsion rivojlanishning asosiy mezonlaridan biridir.