Toshkentda ayol 2 oʻgʻlini tanishiga tashlab ketdi, ular bolalar uyiga joylashtirildi

    Bolalar ombudsmani Toshkent shahar Olmazor tumanida yashovchi Q.N. (ayol)dan murojaat kelib tushganini maʼlum qildi.

    Ayol oʻz murojaatida Q.N. ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan M.M. (ayol) uning ishonchiga kirib, oʻzining 2 nafar goʻdak bolasini (joriy yilda tugʻilgan 2 oylik goʻdak va 2022-yilda tugʻilgan oʻgʻil bolalar) tashlab ketganini bildirgan.

    M.M. 45 kun avval tashlab ketgan bolalarni Q.N. oʻzi boqib kelayotgani, shu muddat ichida ona biron marta ham bolalardan xabar olmaganini bayon etgan.

    Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

    Hozirda 2 nafar goʻdak Bolalar uyiga (3 yoshgacha bolalar uchun umumiy tipdagi) vaqtincha joylashtirildi.

    Hozirda M.M. bilan aloqa oʻrnatilgan boʻlib, uning qaramogʻida boʻlgan kichik yoshdagi farzandlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatmagani holatiga huquqiy baho berish jarayoni bormoqda.

    Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtayi nazaridan mazkur holat boʻyicha oʻz kuzatuvini davom ettiradi.

    Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi.