Toshkentda ayollar uchun «Digital Internship Program» dasturi start oldi

    Keyingi avlod 8 Noyabr 2022 1350

    Toshkentda yangi “Digital Internship Program” (DIP) loyihasi – IT sohasi bitiruvchilari va boshlangʻich bosqichdagi yosh mutaxassislar uchun amaliyot dasturi ishga tushirildi.

    DIP – Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT-Park, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda BMTTDning qoʻshma tashabbusi boʻlib, fuqarolar, ayniqsa ayollar raqamli tadbirkorlik koʻnikmalarini, raqamli vositalarni shakllantirish, qulay muhit yaratish orqali yosh ayollar oʻrtasida IT yoʻnalishidagi kasblarni ommalashtirishga qaratilgan.

    Tadbirda DIP loyihasi kuratori Muyassar Shermatova, IT-Park xodimlar bilan ishlash boʻyicha menejerlar Zafar Mirsamadov va Shaxnoza Amirxanova kelgusida ishga joylashish imkoniyati bilan yosh mutaxassislarni amaliyot oʻtash uchun qabul qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan IT -kompaniyalar, shuningdek, DIP dasturi uchun tanlovdan oʻtgan nomzodlar ishtirok etdi.

    Muyassar Shermatova ishtirokchilarga dasturning asosiy yoʻnalishlari haqida soʻzlab berdi. Shundan soʻng IT -kompaniyalar rahbarlari korxonalar faoliyati va mehnat sharoitlari haqida soʻz yuritdi.

    Eslatib oʻtamiz, nomzodlarni saralash 2 bosqichdan iborat boʻldi: birinchi bosqichda umumiy va tor profil yoʻnalishidagi test topshiriqlari; ikkinchisi IT-Park va IT -kompaniyalar ishtirokida intervyu shaklida oʻtkazildi.