Uchrashuvda Oʻzbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar natijasida oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan boykot bekor qilingani, bu undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirgani alohida taʼkidlandi.
Konstruktiv va amaliy jihatlarni qamrab olgan muloqot davomida Oʻzbekiston va “Better Cotton Initiative” oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Oʻzbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlarni joriy etish, ularni tegishlicha litsenziyalashtirish hamda eng birinchilar qatorida mahalliy toʻqimachilik mahsulotlarimizda kuzatuvchanlik tizimini joriy etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar BCIning Toshkentdagi vakolatxonasini tez kunlarda taʼsis etilishi yuzasidan kelishib oldilar.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozim, BCI “paxta dalasidan sotuvgacha” boʻlgan butun ishlab chiqarish jarayonini sertifikatlash bilan shugʻullanadi. Tashkilotning mingdan ortiq aʼzosi mavjud boʻlib, ular qatoriga H&M, Gap, IKEA, Levi Strauss, Zara, Hugo Boss, Adidas, Puma kabi 80 dan ziyod dunyoning eng yirik brendlari ham kiradi.