Sessiyada deputatlar Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Shavkat Fayziyevning "Biometrik ma’lumotlarga asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilish tizimining loyiha konseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi axborotini muhokama qildi.

Mutasaddining ta’kidlashicha, aholi salomatligi va jamoat tartibini saqlashda, huquqbuzarliklarning oldini olishda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashda ushbu tizimning ahamiyati katta. Shu bois, biometrik ma’lumotlarga  asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilishning kompleks tizimi yaratilmoqda.

Natijada jamiyatda ko‘plab muammolarga yechim topiladi. Ilg‘or texnologiyalar asosida xavfsizlik ta’minlanadi, ijtimoiy ob’ektlar, jamoat joylarida nazorat va tezkor axborot tizimi takomillashtiriladi, biometrik ma’lumotlar bazasiga asoslangan nazoratni kuchaytirish mexanizmi joriy etiladi, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga erishiladi.

Shuningdek, aholi salomatligini ta’minlash, virusli, yuqumli kasalliklar tarqalishi, jinoyatchilik va terrorizm kabi xavf-xatarlar oldini olish yo‘nalishidagi ishlarga katta yordam bo‘ladi.