Joriy yilning 16-yanvar kuni taxminan soat 17:00 larda Toshkent shahar Uchtepa tumani IIBga kelib tushgan xabarga koʻra, tumanning 1-Tong koʻchasida yashovchi oilaning 5 nafar aʼzosi hushsiz holda oʻz yashash xonadonida topilganligi holati yuzasidan xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga tezkor-tergov guruhi chiqqan va joy hamda hushsiz tanalar koʻzdan kechirilgan vaqtda fuqarolar – 38 yoshli M.N. (ayol) va 4 yoshli S.S. (ayol) lar vafot etganligi maʼlum boʻlgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.
Shuningdek, RSHTYOIMning toksikologiya boʻlimiga ogʻir ahvolda olib borilgan 40 yoshli Z.A. (erkak) ham koʻrsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan 17-yanvar kuni vafot etgan.
Bundan tashqari fuqarolar 2011-yilda tugʻilgan M.S. (ayol) hamda 2023-yilda tugʻilgan F.S. (ayol) lar hushsiz xolatda topilib, RSHTYOIMning Toksikologiya jonlantirish boʻlimiga joylashtirilgan.
Hodisa joyidan turli xil giyoh va dori vositalari, xonadonda isteʼmol qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining barchasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan JKning 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.