Toshkentda BMTning boʻlajak iqlim konferensiyasi – COP-28 taqdimoti boʻlib oʻtdi

    Yashil sayyora 21 Noyabr 2023 1194

    Toshkent shahrida BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasiga (COP-28) bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Tadbir BAAning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Milliy ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirda BAAning Oʻzbekistondagi elchixonasi Diplomatik missiyasi rahbari oʻrinbosari Muhammad Al Zaheri, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining xalqaro aloqalar boʻyicha maslahatchisi Suna Park, Milliy ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Akromjon Fozilov, asosiy davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.

    Matbuot anjumani OAV vakillari va blogerlarga joriy yil 30-noyabr – 12-dekabr kunlari BAAda boʻlib oʻtadigan BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasini yanada kengroq yoritish uchun COP-28 ni targʻib etish maqsadida tashkillashtirildi.

    “Birlashgan Arab Amirliklari har doim iqlim boʻyicha harakatga barcha mamlakatlarga taalluqli boʻlgan global muammoni hal etishga amaliy hissa qoʻshish, shu bilan birga oʻz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish hamda Net Zero iqtisodiyoti orqali kelajak avlodlar uchun bilim, koʻnikma va ish oʻrinlarini yaratish imkoniyati sifatida qaragan, — dedi tadbirda nutq soʻzlagan Muhammad Al Zaheri. — BAA 2016-yilda Parij kelishuvini imzolagan va ratifikatsiya qilgan, iqtisodiyot miqyosida emissiyalarni kamaytirish majburiyatini olgan va “Net Zero 2050” strategik tashabbusini eʼlon qilgan mintaqadagi birinchi davlat hisoblanadi”.

    Oʻz navbatida Suna Park BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida birdamlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surganini alohida taʼkidladi va Oʻzbekistonning global konferensiyadagi ishtiroki haqida gapirdi.

    “Iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit degradatsiyasi masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlik muhim oʻrin tutadi, chunki Markaziy Osiyo mamlakatlarini ekologik muammolar birlashtiradi. Shu bois Oʻzbekistonning bu yilgi iqlim konferensiyasidagi ishtiroki 5 davlatdan iborat yagona “1 mintaqa – 1 ovoz” Markaziy Osiyo pavilyoni doirasida boʻladi. Bu qaror Markaziy Osiyo davlatlarining global iqlim platformalarida mavqeyi va ovozini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi”, — dedi Suna Park.

    Matbuot anjumani davomida Muhammad Al Zaheri BAA raisligida BMT COP-28 iqlim sammiti konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Shuningdek, BAAning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha tashabbuslari, harakatlari va yutuqlari haqida gapirdi. Oʻz navbatida Suna Park Oʻzbekistonning ekologiya sohasidagi yutuqlari, mamlakatning yashil rivojlanish boʻyicha tajribasi va Oʻzbekistonning COP-28dagi boʻlajak ishtirokiga toʻxtalib oʻtdi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.