Toshkentda Butunjahon dzyudo kuni nishonlandi

    Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) taklifi bilan bu yilgi bayram tantanalari “Birgalikda kuchmiz” shiori ostida oʻtkazildi.

    28-oktyabr – Butunjahon dzyudo kuni

    Oʻzbekiston dzyudo markazida ushbu sanaga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Karimov, xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Dilshod Kenjayev, Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, qoʻmita bosh kotibi Oybek Qosimov, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov, Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari Sharif Moʻminjonov, sport faxriylari, dzyudo terma jamoasi aʼzolari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

    Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari A.Karimov, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi A.Komilov, faxriy sportchi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy V.Pyatayev yurtimizdagi barcha dzyudo sporti ixlosmandlarini bayram bilan samimiy muborakbod etib, sportchilarimizga musobaqalarda, xususan Tokio olimpiadasida gʻalaba tiladi.

    Tadbirda yosh dzyudochilar tatamida oʻz mahoratlarini namoyish etdi. Mamlakatimizda dzyudo sport turini rivojlantirishga hissa qoʻshayotgan bir guruh sport fidoyilariga esdalik sovgʻalari topshirildi.