Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi Beybut Atamkulov, “Jidebay-Borili” Abay muzeyi direktori Turdiqul Shanbay, Tasviriy sanʼat galereyasi direktori Kamola Oqilova, shuningdek OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“Ushbu tadbir, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Bugun oʻz eshiklarini ochayotgan ushbu koʻrgazma buyuk mutafakkir Alisher Navoiy insonparvarlik anʼanalarini oʻzida saqlagan Abay ijodini yanada mukammal anglash imkonini berishiga ishonchimiz komil. Uning barcha xalqlar tinchlik va farovonlikda yashashi kerakligi, Sharq va Gʻarb uygʻunligi, jahon merosini oʻzlashtirish zarurati, inson tabiatining mukammallashuviga oid gʻoyalari bugunga kelib ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan”, — deya taʼkidladi A.Abduhakimov.
Oʻz navbatida, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev koʻrgazmani yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidlab, Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi
“Alisher Navoiy va Abay ijodi nafaqat turkiy, balki umuminsoniy qadriyatlarning shakllanishi namunasini oʻzida mujassam etgan buyuk merosdir. Har ikki mutafakkir turli davrlarda yashab ijod qilgan boʻlsada, ularni sheʼriyatdagi insonparvarlikka intilish, islohotchilik ruhi birlashtiradi. Ular ikki qardosh xalqning maʼnaviy ustunlaridir”, — dedi Dauren Abayev.
Koʻrgazmada shuningdek qozogʻistonliklarning kundalik maishiy hayotida foydalanuvchi, dekorativ-amaliy sanʼat buyumlari, Abay hayoti va ijodiga bagʻishlangan tasviriy sanʼat asarlari, grafiklari, shuningdek Abayning asarlari namoyish etildi.
Shundan soʻng Abay Qoʻnonboyev haykali poyiga gulchambar qoʻyildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
“Abay. Qardosh xalqlar merosi” koʻrgazmasi 30-dekabrga qadar davom etadi.








