Toshkentda ekologik qoidalarni buzgan 100 dan ortiq xoʻjalik faoliyati toʻxtatildi

    Poytaxt va Toshkent viloyati hududlarida oʻtkazilgan keng koʻlamli ekologik tekshiruvlar natijasida 106 ta xoʻjalik vaqtincha yopildi, 58 issiqxona faoliyati uchun maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

    Bu haqda Ekologiya vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, tegishli idoralarning 300 dan ortiq mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tomonidan poytaxt hududidagi issiqxona xoʻjaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchi hamda ijtimoiy soha obyektlari toʻliq xatlovdan oʻtkazildi.

    Nazorat tadbirlari natijasida 4 869 obyekt oʻrganilib, ulardan 595 tasi issiqxona xoʻjaliklari (Toshkent viloyatida — 381 ta, Toshkent shahrida — 214 ta), 2 265 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 1 998 sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari boʻldi. Barcha obyektlarda profilaktika va tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

    Oʻrganishlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlandi. Xususan, ayrim xoʻjaliklarda zararli kimyoviy, fizik va biologik taʼsir koʻrsatuvchi moddalar havoga chiqarilgan. Aniqlangan har bir qonunbuzilish holati boʻyicha keskin choralar koʻrildi, ularning oldini olish hamda kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.

    Jumladan, dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 issiqxona xoʻjaligiga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi, 106 xoʻjalik faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

    Shuningdek, 387 holat boʻyicha ekologik talablariga muvofiqlashtirish hamda plyonka, avtoshina va oʻsimlik qoldiqlarini yoqilgʻi sifatida foydalanmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi.

    Nazorat tadbirlari tizimli davom ettirilmoqda.