Tadbir O'zbekistonda yer resurslarini kompleks boshqarishni (Integrated Land Management – ILM) joriy etish bo'yicha ilm-fan, amaliyot va siyosat integratsiyasiga bag'ishlandi. Unda professor-o'qituvchilar, tadqiqotchi olimlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, fermer xo'jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan FAO mandatida yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish muhim o'rin tutadi. Tuproqlar oziq-ovqat ishlab chiqarish va ko'plab muhim ekotizimlar uchun muhim asosdir. Qayd etilganidek, innovatsion usullarga asoslangan yer resurslarini barqaror boshqarish qishloq xo'jaligi mahsulotlarining ozuqaviy qiymatini yaxshilash, shuningdek, iqlim o'zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga yordam beradi.
Global ekologik Jamg'arma (Global Environment Facility - GEF) moliyaviy ko'magida FAO O'zbekistonda ekologik barqarorlikni mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash va tuproqlarni sog'lomlashtirishni ta'minlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi xamda O'zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni mohofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O'zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta'sirini baholash dasturi” va “O'zbekistonning qurg'oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o'rmonlarni barqaror boshqarish” loyihalaridir.
Fan va innovatsiyalar kuni doirasida FAOning yuqorida qayd etilgan loyihalari doirasida O'zbekistonda yerlarni uyg'unlashgan boshqaruvini yanada kengroq tatbiq etish uchun ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo'llash bo'yicha ma'ruzalar tinglandi. Ilmiy jamoatchilik vakillari, FAO ekspertlari, vazirlik va idoralar mutaxassislari mazkur yo'nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.