Aniqlanishicha, oʻzlarini «koʻcha bezorisi« sifatida tanishtirgan ikki shaxs Shayxontohur tumanida bir fuqaroni kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgan. Soʻngra jabrlanuvchini kuch ishlatib avtomobilga oʻtqazib, nomaʼlum manzilga olib ketgan va pichoq bilan qoʻrqitish orqali 1700 dollar miqdorida mablagʻ talab qilgan. Pullar jabrlanuvchining oila aʼzolari tomonidan topshirilganidan keyingina u qoʻyib yuborilgan.

Biroq tovlamachilar bu bilan toʻxtab qolmay, bir necha kundan keyin yana 1400 dollar, keyinchalik esa qoʻshimcha 1600 dollar berishni talab qilishgan. Tezkor harakatlar natijasida gumonlanuvchilar qoʻlga olindi va ulardan biri uchrashuvga sovuq qurol (pichoq) bilan kelganini tan oldi.

Mazkur holat yuzasidan Nurmuhammad va Sanjar ismli shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi «v« bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.