2020-yilda 29 yoshli Ukraina fuqarosi va Oʻzbekistondan boʻlgan bir guruh fuqarolar hamkorligida Toshkentda Golden Cash story MCHJ xorijiy korxonasi tashkil etilgan. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Kompaniya fuqarolarga korxonaga tilla va kumush buyumlarni sarmoya sifatida kiritishni taklif qilgan. Buning evaziga MCHJ vakillari yiliga 260 foizgacha boʻlgan dividendlarni vaʼda qilishgan.
Qayd etilishicha, fuqarolardan 100 dollardan 5 300 dollargacha boʻlgan narxdagi tilla va kumush buyumlar qabul qilingan.
Yangi sarmoyadorlarni qiziqtirish maqsadida, dastlab fuqarolarga maʼlum bir miqdordagi mablagʻ toʻlab borilgan. Natijada respublika boʻyicha minglab fuqarolarning katta miqdordagi mablagʻlari qoʻlga kiritilgan.
Joriy yilning 17-noyabr kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi TB tomonidan Golden Cash Story MCHJ koʻrinishdagi xorijiy korxona va uning mansabdor xodimlariga nisbatan OʻzR JKning 1881-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari (pul mablagʻlarini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan qoʻzgʻatilgan.
Korxonaning mansabdor shaxslariga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi boʻyicha fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda.