Toshkentda hokimlarning 60 ta qarori sudda haqiqiy emas deb topilgan

    120 tasi talab boʻyicha rad qilingan.

    Toshkent shahar Maʼmuriy sudi raisi Ulugʻbek Almamedovning maʼlum qilishicha, Hokimlar qaroridan norozi boʻlib qilingan murojaatlarga koʻra, Toshkent shahar hokimi va tuman hokimlarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish boʻyicha 220 ta ish koʻrib chiqilgan. Shundan hokimlarning 60 ta qarori haqiqiy emas deb topilgan. 120 tasi talab boʻyicha rad qilingan.

    Sud raisining aniqlashtirishicha, hokimlar chiqargan qarorlarning haqiqiy emas deb topilishi borasida tumanlar kesimida Chilonzor tumani hokimi, umumiy koʻrsatkich borasida esa Toshkent shahar hokimi yetakchi hisoblanadi.

    Jumladan 2023-yil yakunlari boʻyicha Bektemir, Yunusobod, Yashnobod, Yangihayot, Mirobod hokimlarining bittadan qarori, Mirzo Ulugʻbek va Uchtepa hokimlarining 3 tadan, Shayxontohur hokimining 4 ta, Olmazor hokimining esa 7 ta qarori haqiqiy emas deb topilgan. Bu borada tumanlar boʻyicha yetakchilik Chilonzor hokimida boʻlib, oʻtgan yil davomida uning 10 ta qarori haqiqiy emas degan sud qarori qabul qilingan.

    Qoʻshimcha qilinishicha, Toshkent shahar hokimi ham sud eʼtiroziga sabab boʻlgan va haqiqiy emas degan tamgʻaga ega 23 ta qaror qabul qilgan.