Hukumatning tegishli qarori loyihasida belgilanishicha, mazkur taʼlim dargohi hunarmandchilik yoʻnalishida oliy maʼlumotga ega kadrlarni tayyorlash, jumladan “usta-shogird” anʼanalari asosida dual taʼlim tizimini keng joriy qilish, hamda hunarmandchilikning anʼanaviy turlarini saqlab qolgan holda, zamon talablariga moslashtirish va rivojlantirish kabi vazifalarni oʻz zimmasiga oladi.

Qayd etilishicha, institutda oʻqitish nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda Oʻzbekiston davlat taʼlim standartlari talablari inobatga olingan institut tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va fan dasturlariga muvofiq oʻzbek, rus va ingliz tillarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, har yili “Hunarmand” uyushmasi aʼzolarining qobiliyatli, iqtidorli hamda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida toʻlov kontrakti summasining 20 foizigacha miqdorida chegirma bilan (Institut granti asosida) abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish rejalashtirilyapti.

Qaror loyihasining qabul qilinishi natijasida, sohani rivojlantirish boʻyicha joylardagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, milliy urf-odatlar aks etgan hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, eng asosiysi hunarmandchilik subyektlarining qonuniy bilim olish, sohaga kirib kelayotgan yosh avlodni oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar boʻlib yetishishiga yaqindan yordam berishi taʼkidlanadi