IIV axborot xizmati maʼlum qilishicha, 7-yanvar soat 15:00 larda Toshkent shahri Yunusobod tumani Yangi shahar koʻchasi boʻylab 1976-yilda tugʻilgan, kuchli darajada mast fuqaro A.A. boshqaruvidagi “Malibu” shu yerda xizmat oʻtayotgan YHX xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, oʻzgalarning hayoti va sogʻligʻiga xavf solgan holda qochishga uringan.

Xodimlar haydovchining noqonuniy harakatlari oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ogʻir oqibatlarning oldini olish maqsadida belgilangan tartibda oʻqotar qurolini qoʻllagan.

Natijada avtotransport vositasi majburiy toʻxtatilib, haydovchi zararsizlantirilgan. Qurol qoʻllanilishi natijasida hech kim jarohatlanmagan.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan “Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish” moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.