Mirzo Ulugʻbek tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ijaraga olingan xonadonlardan biri koʻzdan kechirilganda, u yerda yashirin narkolaboratoriya tashkil etilganligi maʼlum boʻldi. Aniqlanishicha, ushbu noqonuniy faoliyat bilan 2007-yilda tugʻilgan qiz va 2003-yilda tugʻilgan talaba yigit shugʻullanib kelishgan.
Qoʻlga olingan «kimyogar« talabaning mobil telefoni tekshirilganda, unga kelgan geolokatsiya maʼlumotlari aniqlandi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha Yangihayot tumanidagi dala maydonida oʻtkazilgan qidiruv natijasida, «zakladka« (yashirib ketish) usulida koʻmilgan 1 kilogramm sintetik giyohvandlik vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tezkor qidiruv tadbirlari poytaxtning boshqa hududlarida ham davom ettirildi. Natijada zaharli moddalarni shahar boʻylab tarqatish bilan shugʻullangan 9 nafar «zakladchik« giyohvandlik vositalarini olayotgan vaqtida ushlandi. Ushbu shaxslarning tarkibi esa jamoatchilikni tashvishga soladi:
- 3 nafari poytaxtdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari talabalari;
- 6 nafari esa oddiy fuqarolar boʻlib, ularning orasida bu jinoyat bilan oilaviy shugʻullanib kelayotganlar ham borligi aniqlandi.
Tezkor tadbirlar yakunida jami 2 kilogramm (taxminan 10 ming doza) sintetik giyohvandlik vositalarining muomalaga chiqib ketishi va tarqalishining oldi olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.