Toshkentda ikki shaxs avtobusga ayollar va erkaklar joyini ajratib koʻrsatuvchi qogʻoz yopishtirib ketdi

    “Toshshahartransxizmat” AJ ikki fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish va qilgan xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda ularga qonuniy jazo choralarini qoʻllash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yoʻlladi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 5-noyabr kuni, ikki yigit avtobus salonining oynasiga ayollar va erkaklar joylashuvi koʻrsatilgan poster yopishtirib ketgan.

    Ushbu holatni “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi “7-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi, 34-sonli yoʻnalishga biriktirilgan avtobus haydovchisi Telegram tarmogʻiga joylagan. Bu esa jamoatchilikning muhokamalariga sabab boʻlgan.

    Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida, Jamiyat masʼul xodimlari tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib, avtobus salonida joylashtirilgan kuzatuv kamerasidagi tasvirlar tekshirib chiqildi.

    Maʼlum boʻlishicha, ikki nafar nomaʼlum fuqaro avtobusga chiqib, salonning ichki qismida ayollar va erkaklar joyi ajratilganligini targʻib qiluvchi posterni yopishtirib, uni shaxsiy mobil telefoniga suratga olganligi va avtobusdan tushib ketganligi aniqlandi.

    Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlarni oldini olish maqsadida, barcha avtobus haydovchilari va chiptachilari oʻrtasida navbatdan tashqari yoʻriqnomalar oʻtkazilayotganligini, shuningdek, avtobus salonida turli xildagi axborot materiallari tarqatilishining oldini olish, jamoat transportida eʼlon qilinishi belgilanmagan maxsus posterlardan foydalanmaslik hamda ish faoliyati davomida haydovchi va chiptachilardan yanada hushyor holda ish yuritishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda, — deyiladi xabarda.