Toshkentda ikki yoʻnalishda metrobuslar harakati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda

    Transport 22 Fevral 2021 1120

    Toshkent shahrining transport xizmatlari sifatini oshirish va uzoq muddatli strategik rivojlantirish maqsadida alohida boʻlaklarda harakatlanuvchi tezyurar avtobus xizmatini tashkil etish boʻyicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi.

    Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Shahboz Gʻofurov maʼlum qildi.

    Mazkur BRT (Bus Rapid Transit) metrobuslar temir yoʻl liniyasisiz maxsus yoʻnalish boʻylab harakatlanadi. Hozirda xorijiy konsultantlar tomonidan 2ta yoʻnalishda (Chilonzor buyum bozori - Chorsu savdo markazi, TTZ - Chorsu) metrobus xizmatini tashkil etish taklif etilmoqda.

    “Birinchi bosqichda Chilonzor buyum bozori – Chorsu Savdo markazi yoʻnalishi pilot loyihasi sifatida yoʻlga qoʻyiladi. TTZ – Chorsu yoʻnalishi esa bu loyihaning ikkinchi bosqichi boʻlib, birinchi yoʻnalish natijalariga qarab ishga tushiriladi. Abu Saxiy va Chorsu bozorlarini bogʻlaydigan yoʻnalish uzunligi 17,7 km boʻlib, bir kunda oʻrtacha 42 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan”, deydi Shahboz Gʻofurov.

    Mazkur loyiha “Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini 2020-2030-yillarda rivojlantirish bosh rejasi” konsepsiyasi loyihasi yuzasidan ishlab chiqilib, amalga oshirish uchun taklif etilmoqda. Loyihaga koʻra mazkur yoʻnalishda 26ta avtobus oraliq bekatlari boʻlib, avtobuslarning oʻrtacha tasarruf (eksplutatsion) tezligi 25,5 km/s.ga teng boʻladi. Yoʻnalishdagi avtobuslar soni 23tani (shundan 17tasi 17 metrlik va 5tasi 24 metrlik avtobuslar xarid qilish rejalashtirilgan), yoʻnalishning oʻrtacha vaqti 42,4 daqiqani, oraliq interval oʻrtacha 5 daqiqani tashkil etadi.

    Hozirda mazkur qaror loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayoni olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad yoʻnalishdagi tezyurar avtobuslarning harakatlanish tezligini 25 foizga oshirish, svetoforlar fazalarini oʻzgartirish orqali transport vositalarining toʻxtab turish vaqtini 48 foizga kamaytirishdan iborat. Shunda jamoat transportida eng uzoq magistral yoʻnalish boʻyicha harakatlanish vaqti oʻrtacha 45 foizga kamayadi. Bu tizim yaratilishi orqali aholining bir manzildan ikkinchi manzilga avtomobildan koʻra jamoat transportida tezroq yetib borishi taʼminlanadi. Ushbu loyiha 2021-yilning 1-sentyabriga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.