Toshkentda ilk bor dzyudo boʻyicha “Katta Dubulgʻa” turniri oʻtkaziladi

    Sport 14 Yanvar 2021 1451

    Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Tokio Olimpiadasigacha boʻlgan musobaqalar taqvimini eʼlon qildi. Unda ilk bor Toshkentda “Katta Dubulgʻa” turniri oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bungacha har yili Toshkent shahrida Gran-pri turniri oʻtkazib kelinayotgan edi.

    5-7-mart kunlari poytaxtimiz dzyudo boʻyicha “Katta Dubulgʻa” turkumiga kiruvchi yirik musobaqaga mezbonlik qiladi. Ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu turnir Tokio Olimpiadasi uchun katta reyting ochkolarini taqdim qilishi bilan ham ahamiyatli.

    Bugun Milliy olimpiya qoʻmitasida ushbu musobaqaga tayyorgarlik boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Musobaqaning nufuzi baland boʻlgani bois unga dunyoning 50 dan ortiq mamlakat vakillaridan 1000 nafarga yaqin mehmon kelishi kutilmoqda. Tabiiyki, epidemiologik davrda barcha mehmonlarning xavfsizligi va salomatligini taʼminlash katta masʼuliyat talab etiladi.

    Shu bois ushbu yigʻilishda poytaxtimizga tashrif buyuradigan mehmonlar uchun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida talab etiladigan COVID-19 testini topshirish, transport-logistika masalalari, mehmonxonalarga joylashtirish uchun barcha qulayliklarni yaratish kabi mavzular kun tartibining asosiy masalalari boʻldi.

    Yigʻilish davomida mazkur musobaqani koʻtarinki ruhda va yuqori saviyada oʻtkazish borasida Jismoniy tarbiya va sport, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, poytaxt hokimligi, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli rejalarni ishlab chiqish, har bir vakil oʻz yoʻnalishiga masʼuliyat bilan yondashgan holda ishlashi boʻyicha kelishib olindi.

    Toshkent ilk bor bunday nufuzli musobaqani oʻzida qabul qiladi. Musobaqa gʻolibi esa Tokio Olimpiadasi reytingi uchun 1000 ochkoni oʻz hisobiga yozib olish imkoniga ham ega. Bu esa 2022-yil oʻtishi rejalashtirilgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik uchun oʻziga xos sinov boʻladi.

    Yigʻilishda musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish orqali Yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlarini butun jahonga namoyish qilish, buning uchun barcha mutasaddilarga bor kuch-gʻayratlarini safarbar etish boʻyicha topshiriq berildi.