Yigʻilishda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston Respublikalari, Pokiston va Eron Islom Respublikalari, Saudiya Arabistoni Podshohligi Bosh prokurorlari hamda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning Bosh prokurorlari muvofiqlashtiruvchi kengashining Ijrochi kotibi ishtirok etdilar.
Yigʻilish boshida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yigʻilish qatnashchilariga yoʻllagan samimiy murojaati oʻqib eshittirildi.
Tadbirda ishtirokchilar nazorat organlari oʻrtasida tajriba almashish va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda yigʻilishlarni oʻtkazishning alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi.
Shuningdek, IHTga aʼzo davlatlar Bosh prokuraturalari delegatsiyalarining yigʻilishi doirasida sud-huquq tizimidagi islohotlar va ularning natijalari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida prokuratura organlari tomonidan qonunchilikni taʼminlashdagi dolzarb vazifalar, shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini olish borasida prokuratura organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha tajriba almashildi.
Tadbir yakuniga koʻra, ishtirokchilar jinoyatchilikka qarshi kurashish, shu jumladan, IHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari oʻrtasida koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish orqali bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni yanada birlashtirish zarurligini taʼkidladilar.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Bosh prokurorlarining 6-yigʻilishi Bayonnomasi qabul qilindi.








