Toshkentda "IREG–2023: Akademik reytinglar" konferensiyasi o‘tkaziladi

    Ushbu tadbir O‘zbekistondagi bir qator universitetlarga akademik reytinglar berilishi uchun IREG tizimiga kiritilishiga turtki beradi.

    O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev IREG xalqaro reyting agentligi prezidenti Valdemar Sivinskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Unda Toshkentda bo‘lajak O‘zbekiston-Polsha taʼlim forumlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

    IREG xalqaro reyting agentligi prezidenti Valdemar Sivinskiy O‘zbekiston oliy taʼlim tizimiga, shuningdek, mamlakatimizda kadrlar tayyorlash sohasiga qaratilayotgan eʼtiborni yuqori baholar ekan, mamlakatimizning oliy taʼlimi sifati milliy xususiyatlarni saqlagan holda yuqori xalqaro amaliyotlarga mos keladi.

    O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan dastlabki kelishuvga muvofiq, Polsha tomoni joriy yilning 26 aprelida O‘zbekiston va Polsha universitetlari rektorlari forumini o‘tkazishni taklif qildi. Ushbu tadbirga yuqori qiziqish bo‘lgani bois Polsha universitetlari rektorlari kengashi raisi Andjey Meljik boshchiligidagi 30 nafardan ortiq rektor va professorlardan iborat delegatsiya tarkibi shakllantirilmoqda.

    Shu bilan birga, joriy yil 27-28-aprel kunlari Toshkentda "IREG–2023: Akademik reytinglar" mavzusidagi reytinglar va xalqaro universitetlararo hamkorligi bo‘yicha yillik konferensiyani o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

    Ushbu tadbir O‘zbekistondagi bir qator universitetlarga akademik reytinglar berilishi uchun IREG tizimiga kiritilishiga turtki beradi. Anjumanda IREG aʼzolari, Kanada, Braziliya, Germaniya, Gollandiya, Vengriya, Ruminiya, Polsha, Xitoy, Singapur, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston universitetlari rektorlarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.