Toshkentda issiqlik taʼminoti xizmatlari narxi oshdi

    “Veolia Energy Tashkent” MCHJ XK tomonidan koʻrsatiladigan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun yangi narxlar(tariflar) belgilandi.

    Bu boʻyicha shahar hokimining qarori qabul qilindi.

    Qarorda “Veolia Energy Tashkent” MCHJ XK tomonidan koʻrsatiladigan markazlashgan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun quyidagi narx (tarif)lar tasdiqlandi:

    • tartibga solinadigan bazaviy narx (tarif) va byudjet tashkilotlari tarifi amaldagi darajasida (mos ravishda QQSsiz 664 465 soʻm/Gkal va 801 963 soʻm/Gkal);
    • aholi uchun 121 617 soʻm/Gkal (QQSsiz); boshqa ulgurji tashkilotlarga 244 497 soʻm/Gkal (QQSsiz).

    Aholiga issiqlik taʼminoti xizmatlari boʻyicha pasaytirilgan tariflar qoʻllanilishi natijasida yuzaga keladigan zararlar va investitsion xarajatlarga asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq, Toshkent shahar mahalliy byudjeti hisobidan har oyda subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi.

    Bunda, subsidiya mablagʻlari “Veolia Energy Tashkent” MCHJ XK va Toshkent shahar Davlat-xususiy sheriklik boʻlimi tomonidan taqdim qilinadigan hisob-kitoblarga koʻra oʻzgarmas, oʻzgaruvchan xarajatlar hamda investitsion xarajatlarga boʻlingan holda moliyalashtirib beriladi.