2022-yil – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»ga bag‘ishlangan tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Badiiy akademiya hamkorligida tashkillashtirildi.
Marosim avvalida Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigi o‘qib eshittirildi.
«To‘qqizinchi Toshkent Xalqaro Biennalesi zamonaviy san'atning rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, installyasiya, videoart, fotoart singari barcha turlarini namoyish qilish, san’at rivojiga ta’sir ko‘rsatadigan yangi g‘oyalar va istiqbolli tamoyillarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilyapti, – deyiladi tabrikda. – Bu galgi tadbir ham O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar rassomlarining samarali hamkorligi uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi».
Ochilish marosimidan so‘ng Markaziy ko‘rgazmalar zalida polshalik rassomlar ko‘rgazmasi hamda Buyuk britaniyalik rassom Yunus Safardiyor tomonidan yosh rassomlar uchun mahorat darsi tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston va xorijlik fotorassomlar ko‘rgazmasining ochilishi ham bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, besh kun davomida san’at ixlosmandlari – AQSh, Argentina, Armaniston, Bangladesh, Belarus, Bolgariya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Kanada, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Quvayt, Litva, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Tunis, Filippin, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Erondan kelgan 35 nafar ijodkor hamda mahalliy rassom-ustalar o‘z san’at asarlarini namoyish etadilar hamda o‘zaro muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ladilar.
Toshkent xalqaro Biennallesi tasviriy san’at sohasida madaniy almashinuv, turli mamlakatlar zamonaviy ijodiy salohiyati bilan tanishuv, zamonaviy san’atning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun ochiq maydon bo‘lib xizmat qiladi. Biennale ko‘rgazmalarida jahon va milliy san’at namunalari namoyish etiladi. Zamonaviy tasviriy, konseptual san’atning xorijdagi mashhur namoyandalari bilan ijodiy tajriba almashib, muloqotlar uyushtiriladi. Jahonning nufuzli ilmiy dargohlari vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkaziladi.
Toshkent xalqaro zamonaviy san’at Biennalesi 28-oktyabrga qadar davom etadi, deb xabar beradi Turizm va madani ymeros vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlash joizki, Toshkentda to‘qqizinchi marta o‘tkazilayotgan tadbir xalqlarni yaqinlashtirish, dunyo tasviriy san’at vakillari o‘rtasida mustahkam ko‘prik, ijodiy muloqot, sanְ’atda boy merosga ega O‘zbekiston nomini jahonga tarannum etishga xizmat qiladi.