Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimida yoʻlkira haqini toʻlashda elektron toʻlov tizimidan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi tariflarni joriy etish toʻgʻrisida” Toshkent shahri hokimining qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Qaror bilan 2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yoʻnalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yoʻlkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanmoqda:
- bir yoʻlovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 (uch ming) soʻm. Bunda, bir yoʻlovchi qatnovi uchun 1 (bir) martalik toʻlovni elektron toʻlov tizimi orqali amalga oshirilganda ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllanilgan holda – 1 700 (bir ming yetti yuz) soʻm undiriladi;
- bir yoʻlovchining bagajini tashish boʻyicha xizmat uchun – 4 000 (toʻrt ming) soʻm;
- qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif – 1 600 (bir ming olti yuz) soʻm.
Qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari oʻzgarishsiz qoldiriladi.
Toshkent shahri yoʻnalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yoʻlkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va yoʻlkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.