Toshkentda koʻchadagi qizga bezorilik qilib, yuziga urgan shaxs 2,5-yilga qamaldi

    Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani sudi notanish qizni urgan toshkentlik A.A.ga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Jinoyat ishi materiallariga koʻra, 1-fevral kuni Boʻzbozor koʻchasida 26 yoshli A.A. “jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga, umumeʼtirof etilgan axloqiy meʼyorlarga qoʻpol tarzda beparvolik bilan” munosabatda boʻlib, oldidan oʻtib ketayotgan 17 yoshli qizga nisbatan qoʻpol va odobsiz harakatlar sodir etgan. Uning orqasidan ushlab, qiz qarshilik koʻrsatgach, yuziga urib, voqea joyidan qochib ketgan.

    Sud-tibbiy ekspertizasi qizning pastki lab sohasida jarohatlar aniqlagan va ularni yengil jarohatlar sifatida baholagan.

    Ayblanuvchi oʻz aybini toʻliq tan oldi va turmushidan ajrashganidan soʻng “yangi hayot qurishga intilganini” aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻsha kuni u jabrlanuvchi qizni koʻrgan va “birinchi u bilan tanishib, keyin turmush qurish”ni xohlagan, shuning uchun unga ergashib, nimadirlar degan.

    Yigitning taʼkidlashicha, u tasodifan qizga yaqinlashib, “beldan past joyini ushlab olgan”. Qizning soʻzlariga koʻra, u oʻsha joyga urib, keyin ushlab olgan. Qiz qarshilik koʻrsatgan paytda hujum qilgan shaxsning telefoni yerga tushib ketgan, shundan soʻng ayblanuvchi uning yuziga mushti bilan urgan, qiz esa zarbadan yerga qulagan.

    A.A. qizni nima sababdan urganini izohlay olmadi, lekin bundan afsusda ekanini aytdi. Jabrlanuvchining soʻzlariga koʻra, u voqea sodir boʻlgandan beri juda yomon ruhiy holatda va koʻchada yolgʻiz yurishdan qoʻrqadi. Uning fikricha, jamiyatda bunday shaxslarning mavjudligi barcha qizlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin. Jabrlanuvchi sudlanuvchini kechirmadi va bu boshqalarga oʻrnak boʻlishi uchun suddan eng ogʻir jazo tayinlashni soʻradi.

    Sud erkakni Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “d” bandi (Bezorilik, oʻz mazmuniga koʻra umum eʼtirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi oʻtaketgan behayolik bilan / 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) boʻyicha aybdor deb topib, 2-yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.