Toshkentda kripto-aktiv sotgan yigit 15 sutkaga qamaldi

    U kripto-aktivni oʻz akkaunti orqali yiqqan hamda kripto-aktivlarni onlayn boʻlim orqali sotgan.

    Joriy yil 13-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shugʻullangan 1999-yilda Qoraqalpogʻistonda tugʻilgan K.A.ni MJtKning 155-4-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topdi va 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga hukm qildi.

    Shuningdek, sud jinoyat quroli sifatida eʼtirof etib uning Iphone 12 Pro Max telefonini tegishli tartibda yoʻq qilishga qaror qilgan.

    Sud tergovida maʼlum boʻlishicha, 2024-yil 6-avgust kuni Toshkent shahar IIBB Kotibiyati tomonidan roʻyxatga olingan murojaat yuzasidan tergovaga qadar tekshiruv ishlari olib borilganda K.A. ga tegishli telefondan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shugʻullanganligi aniqlangan.

    Sud majlisida soʻralgan ayblanuvchi yuqorida koʻrsatib oʻtilgan holat boʻyicha aybini tan olib, kripto-aktivni yigʻish va sotish bilan shugʻullanganini, kripto-aktivni oʻz akkaunti orqali yiqqanini hamda kripto-aktivlarni onlayn boʻlimi orqali sotganini bildirgan.

    Sud K.A.ga 15 sutka qamoq jazosi tayinlash bilan birga, uning hisobidan qamoqni har bir kuni uchun qabul qilish muassasasi foydasiga BHMning 15 foizi, yaʼni 765 ming soʻm undiruv tayinlagan.