Poytaxt IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida kriptoaktiv savdolari bilan noqonuniy shug‘ullanib kelayotgan shaxslar aniqlandi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Abror va Boyisxon ismli shaxslar turli saytlar orqali litsenziyaga ega bo‘lmay turib, qonunga xilof ravishda kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.
Surishtiruv ishlari davomida ma’lum bo‘lishicha, 2025-yil iyul oyidan bugunga qadar gumonlanuvchilar yashash manzilida qo‘shimcha qurilmalar va maxsus dasturiy vositalar orqali bir akkauntdan foydalanib, kriptoaktivlar savdosini amalga oshirgan. Ularning aylanmasi 793 000 AQSh dollarini tashkil qilgan.
Tezkor qidiruvda bir dona kompyuter jamlanmasi, 22 ta telefon, uch dona SIM-karta va 229 ta bank karta ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur holat yuzasidan JKning 278-prim 8-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Poytaxt IIBB tomonidan "Xavfsiz va sog‘lom yurt" keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar doirasida bu kabi choralar davom ettirilmoqda.