Avvalroq, Yangihayot tumanida ichida odamlar boʻlgan lift pastga tezlikda tushib ketgani haqida xabar berilgandi.

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, voqea Toshkent shahri, Yangi hayot tumani, “Yangi Darxon” MFYda joylashgan 17-sonli 16 qavatli koʻp xonadonli uyda sodir boʻlgan.

Mazkur uy “Land hause” MCHJ tomonidan 2023-yil aprel oyida foydalanishga topshirilgan. Yuk koʻtarish quvvati 1000 kg boʻlgan lift qurilmasi Turkiya davlatining “Axtem asansor” korxonasi tomonidan 2022-yilda ishlab chiqarilgan. 

Taʼkidlanishicha, lift qurilmasi 16 qavatdan 1 qavat tomon harakatlanib kelayotib, toʻxtash lozim boʻlgan qavatga yaqinlashgan paytda kabinani sekinlatuvchi (datchik zamedleniya) qurilmasi nosozligi sababli tezlik kamaymagan.

1-qavatga yaqinlashganda liftning avtomatik tormoz tizimi ishga tushib toʻxtagani va tezlik kamaymagani tufayli shaxtada oʻrnatilgan bufer qismiga kelib urilgani taxmin qilinmoqda.

Lift toʻxtagandan soʻng mutaxassislar tomonidan eshik ochildi. Liftdan chiqarib olingan 11 kishining 3 nafari turli sinishlar bilan shifoxonaga yotqizildi.

“Hozirda, Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan mavzedagi koʻp qavatli uylar liftlari navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazilmoqda”, deyiladi xabarda.