Tadbirda maktabgacha taʼlim sohasida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Bu boradagi oʻzaro almashuvlarni yana-da mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlari va qoʻshma rejalari ham belgilab olindi.

Kim Chang Keon uchrashuvda taʼlim muassasalari faoliyatini onlayn shaklda muvofiqlashtiruvchi, taʼlim jarayoni va oʻquvchilarning oʻzlashtirish holati haqida barcha zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan EDU LINK axborot tizimi konsepsiyasini taqdim etdi.

Tizim, shuningdek, ota-onalar va talabalar uchun yangiliklar va muhim eʼlonlarni yuborish imkonini beradi. Mazkur loyiha KOʻBU va Assotsiatsiyaga aʼzo kompaniyalarning bevosita koʻmagi va ishtirokida texnik va tashkiliy masalalarni hal etish orqali bepul amalga oshiriladi.

Agrippina Shin Janubiy Koreya taʼlim tizimining yuksak darajada rivojlanganini taʼkidlab, davlatimiz rahbarining 2017-yilda Koreya Respublikasiga tashrifi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilganini taʼkidladi. Shuningdek, u taʼlim sohasidagi ikki tomonlama loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qilish va mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini topishda bevosita ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar Janubiy Koreya EDU LINK tizimini Oʻzbekistonga begʻaraz taqdim etish loyihasi toʻgʻrisidagi Anglashuv memorandumini imzoladi.

Vazir ushbu loyiha nafaqat Oʻzbekiston taʼlim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga muhim hissa qoʻshishi, balki mamlakatimiz yosh avlod vakillariga taʼlim va axborot tizimlarini rivojlantirish sohasida Janubiy Koreyaning eng ilgʻor tajribasi bilan yaqindan tanishishga imkon berishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Uchrashuv yakunida tomonlar EDU LINK loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan faol muzokaralar oʻtkazishga kelishib oldi.