Toshkentda Markaziy Osiyo energetiklarining ishchi tartibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

    Xalqaro tadbir 23-may kuni o‘z ishini yakunlaydi.

    “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ mezbonlik qilayotgan mazkur tadbirda 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida Markaziy Osiyo elektr energetika halqa tizimida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun zarur amaliyotlar, kaskadli o‘chishlarning oldini olish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr energetika tarmog‘iga ulash va ularni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, shuningdek, 2024-yil vegetatsiya davrida suv resurslarini gidroinshootlar orqali oqilona boshqarish, ya’ni mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish istiqbollari muhokama qilinmoqda.

    Bugun, tadbirning birinchi kuni, Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning 43-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Kun tartibidagi masalalarga muvofiq dastlab 2024-yil vegetatsiya, ya’ni qishloq xo‘jaligining sug‘orish mavsumida Markaziy Osiyoda mavjud suv resurslarini samarali boshqarish masalalari muhokama etilyapti.

    Navbatdagi mavzu: 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida kutilayotgan muammolar va ularning yechimlari, bundan tashqari, mintaqada qurilayotgan yangi energiya bloklari (stansiyalar), qayta tiklanuvchi energiya manbalarini Markaziy Osiyo elektr energetika halqa tizimiga ulash va ulardan oqilona foydalanish masalalari muhokama etilmoqda.

    Eslatib o‘tamiz, xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston elektr energetika tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etishmoqda. Rossiya Federatsiyasi mutaxassislari kuzatuvchi maqomida.

    Xalqaro tadbir 23-may kuni o‘z ishini yakunlaydi.