“Dunyo” AAning xabar berishicha, ushbu forum Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Saudiya Arabistonining “Gulf Research Center” tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilmoqda.
Forum Markaziy Osiyo mamlakatlari (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston) va KADHK (Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Quvayt, Ummon, Bahrayn) dan 70 dan ortiq nufuzli mutaxassislarni bir joyga toʻplaydi hamda ikki ulkan makromintaqaning kelajakdagi hamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, tadbirga KADHK Kotibiyati, diplomatik korpus va ishbilarmon doira vakillari ham taklif etilgan.
Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari oʻrtasidagi joriy va istiqboldagi hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qiladilar. Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha siyosiy muloqotni va oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni mustahkamlash, savdo va investitsiya aloqalarini chuqurlashtirish, “yashil” energetika va transport yoʻlaklarini rivojlantirish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari ekspertlar diqqat markazida boʻladi.
Mintaqalararo hamkorlikka sifat jihatidan yangi surʼat baxsh etadigan hamda mamlakatlar oʻrtasidagi birgalikdagi rivojlanish salohiyatini toʻliq namoyish etuvchi amaliy tashabbuslarni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Qoʻshma bayonot qabul qilinishi hamda Markaziy Osiyo va KADHK tahlil markazlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi Forumdan kutilayotgan asosiy natijalardan hisoblanadi. Mazkur hujjatlar ikki mintaqa ekspert hamjamiyatlari oʻrtasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun mustahkam poydevor yaratishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, ishlab chiqilgan tavsiyalar Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari yetakchilarining ikkinchi sammiti kun tartibini boyitishga muhim hissa qoʻshadi.
Boʻlajak forum Markaziy Osiyo va Koʻrfaz mamlakatlari oʻrtasidagi uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilib, umumiy tarixiy merosni qayta tiklash va koʻp qirrali muloqotni mustahkamlash uchun yangi yoʻnalishlarni belgilab beradi.







