Toshkentda Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan Nevrologiya markazi quriladi

    Investitsiyalar 12 Fevral 2021 1146

    11-fevral kuni Toshkent shahar hokimligida Yaponiyaning JICA tashkiloti konsultantlari bilan  uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda Toshkent shahar hokimining oʻrinbosarlari Gʻofir Jamolov, Sharof Rahmonov hamda hokimlik tizimidagi boshqarmalar mutasaddilari ishtirok etdi.

    Taʻkidlash joiz, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida turli sohalarda hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, tibbiyot sohasidagi hamkorlik ham uzoq yillardan buyon samarali davom etib kelmoqda. Shu yoʻnalishda amalga oshirilishi kerak boʻlgan yana bir investitsion loyiha - Toshkentda zamonaviy va yuqori texnologik Nevrologiya markazini qurishdir.

    Rejaga koʻra, Nevrologiya markazi 250 oʻringa ega boʻlib, uning negizida kun-u tun faoliyat yurituvchi poliklinika tashkil etiladi.

    Oʻzaro muloqot davomida yaponiyalik konsultantlar mazkur markaz uchun ajratiladigan hudud, undagi infratuzilma, kommunikatsiyalar yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

    Shuningdek, uchrashuvda Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari ushbu markaz qurilishi nihoyatda dolzarbligi va bu loyihaning amalga oshirilishi nevrolik xastaliklarni oʻz vaqtida, samarali davolashda muhim ahamiyatga ega boʻlishini taʻkidladilar.