Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi YHXB Yoʻl-patrul xizmati inspektori, katta serjant Salim Umarov Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi tomonidan urib yuborilganidan uch kun oʻtgach, jarohatlar sababli kasalxonada vafot etdi, deya xabar qildi boshqarma matbuot xizmati.

Toshkent ichki ishlar boshqarmasining xabar berishicha, 1-sentyabr kuni soat 19:00 atrofida inspektor Toshkent shahar Mirobod tumanidagi Shahrisabz koʻchasida navbatchilik qilgan. Grand Mir mehmonxonasidan uncha uzoq boʻlmagan joyda u hujjatlarni tekshirish uchun Captiva avtomashinasini toʻxtatgan. Tekshiruvdan soʻng haydovchiga hujjatlarni qaytarib bergan katta serjant mashina atrofidan oʻtib, yoʻl chetiga qarab yoʻl olgan.

Shu vaqtda Lacetti rusumli avtomobilini ishonchnoma asosida boshqarib borgan 19 yoshli Temurbek M. Mirobod koʻchasidan chiqib, boshqaruvni yoʻqotgan va yoʻl chetida toʻxtab turgan Captiva avtomobiliga toʻqnashgach, inersiya tufayli harakatni davom ettirib, YPX xodimini urib yuborgan.

Inspektor Salim Umarov jarohat olib, reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan. U bugun, 4-sentyabr kuni ertalab soat 7:00 da vafot etdi.

Toʻqnashuv boʻyicha toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrilishi uchun prokuraturaga yoʻnaltiriladi. Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi inspektorning qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, uning uch voyaga yetmagan farzandi boʻlgan oilasiga yordam koʻrsatilishini maʼlum qildi.