Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yoʻldoshov mazkur holat yuzasidan maʼlumot berishicha, 30-mart kuni tungi vaqtda Yunusobod tumanida “Malibu” va “Leapmotor” avtomobillari ishtirokida YTH sodir boʻlgan. Hodisadan keyin haydovchilar oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.
Chaqiruv asosida yetib kelgan YPX xodimlari “Malibu” haydovchisini alkotester orqali tekshirmoqchi boʻlgan. Biroq u qonuniy talablarga boʻysunmay, xodimlarga faol qarshilik koʻrsatgan va ulardan birining yuziga musht tushirgan.
Shundan soʻng xodimlar xavfsizlikni taʼminlash maqsadida maxsus vositalardan foydalanib, qonunbuzarni zararsizlantirgan.
Hozirda ushbu shaxs ushlangan boʻlib, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.