8 iyul kuni taxminan soat 12:00 larda Toshkent shahar Yunusobod tumani Niyozbek yo‘li ko‘chasida qurilayotgan yangi binoning poydevori uchun qazilgan handaqning bir chetida yer o‘pirilib tushgan. Oqibatda handaq chetidagi yo‘lda turgan “Matiz” va “Spark” rusumli avtomobillar handaqqa tushib ketgan.

Hodisa to‘g‘risida FVVga xabar kelib tushmagan. Tarqalgan xabar yuzasidan voqea joyiga shahar va tuman FVB xodimlari chiqib, o‘rganish ishlarini olib borishgan. Avtomobillar maxsus texnika yordamida handaqdan chiqarib olingan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi FVV xabarida.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi esa Ishchi guruh tuzilgani va ayni masala o‘rganilganini ma’lum qildi. 

Ta’kidlanishicha, obyektda qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun aholi punktlari hududlaridan 4,5 gektar yer maydoni doimiy foydalanishga ajratilgan hamda Chingiz Aytmatov ko‘chasining loyihadagi qismini beg‘araz ochib berish uchun 0,5 gektar yer maydoni ham biriktirib berilgan.

Handaqning yon qismidan, ya’ni mahalla ichki avtomobillar yo‘lidan ichimlik suvi quvurlari o‘tgan bo‘lib, ushbu quvurlar eskirgani hisobiga ularda yoriqlar yuzaga kelgan.

Oqibatda suv sizib chiqib, tuproqning namligi oshgan. Shu bilan birga handaqda tuproq zichlovchi texnika ishlagan vaqti yer qatlamining yumshagan qismida yer ko‘chish holati yuzaga kelgan.

Shuningdek, yer ko‘chishi "Megapolis biznes servis" MCHJga ajratib berilgan (o‘ziga tegishli) hududda sodir bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan hududga mas’ul inspektor tomonidan buyurtmachi va loyihachi tashkiloti vakillariga himoya to‘siqlarini o‘rnatish hamda handaq devorlarini mahkamlash choralarini ko‘rib, loyihasini ishlab chiqmagunga qadar handaqda qurilish ishlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

Hozirda obyektning yer ko‘chish holati sodir bo‘lgan qismida texnik xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda himoya to‘siqlari o‘rnatilmoqda. Berilgan ko‘rsatmalar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilib, buyurtmachi va loyihachi bilan birgalikda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.