Kengashning asosiy maqsadi harakatlarni birlashtirib, hamkorlikni kengaytirish va yangi mexanizmlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishdan iborat.

Forumda ishtirok etish uchun Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston davlatlari kinostudiyalari rahbarlari taklif etilgan.

Mezbon tomondan Oʻzbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori ushbu kengash 30 yil davomida tarqoqlashgan MDH mamlakatlari kinostudiyalarini birlashtirish maqsad qilinganini bildirdi:

— 30 yil davomida ushbu davlatlar kinosi oʻrtasidagi hamkorlik susayib, tarqoqlashib qolgandi, — deya fikr bildirdi Firdavs Abduxoliqov. — Minskda boʻlib oʻtgan festivalda oʻzbek delegatsiyasi MDH mamlakatlari kinostudiyalarini birlashtiradigan mexanizm ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bunday birlik bizga ijodiy va texnik koʻmak beradi, tajriba almashinuvi jadallashadi, hamkorlikda filmlar ishlab chiqariladi, imkoniyatlarimizni kengaytiradi. Faqat zarurat tugʻilganidagina yigʻilmasdan davomiy mexanizmni ishlab chiqishimiz zarur. Kengashning maqomi va shakli esa aynan Toshkentdagi yigʻinda asosiy muhokama mavzusi boʻladi.

Kengash doirasida studiyalar vakillarining B2B formatidagi uchrashuvlari, davra suhbatlari oʻtkaziladi, qoʻshma loyihalar, kinostudiyalar va kinokonsernlar faoliyatining samarali modellari muhokama qilinadi, shuningdek hamkorlik boʻyicha yagona yoʻl xaritasining loyihasi ishlab chiqiladi. Bundan tashqari ko-produksiya boʻyicha pitching loyihalari taqdim etiladi. Shuningdek, direktorlar kengashi tarkibiga yangi ishtirokchilar qabul qilinishi maʼlum qilingan.

Kengashda ishtirokchilar oʻz kinostudiyalarining rejalarini taqdim etishadi va faoliyat modellari haqida hikoya qilishadi. Tadbir doirasida Direktorlar kengashi negizida tashkil etilayotgan yangi uyushmaning rasmiy maqomi muhokamasi va tanlovi boʻlib oʻtadi.

Kinostudiyalar rahbarlari “Oltin Humo” kinotaqdimoti va “Debyut 21” yosh ijodkorlar tanlovida ham faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.