Toshkentda Milliy mehmondoʻstlik mukofoti sovrindorlari taqdirlandi

    Turizm 4 Mart 2024 568

    Toshkentda Oʻzbekistonning uchinchi Milliy mehmondoʻstlik mukofoti 2023 gʻoliblari aniqlandi.

    Marosim 29-fevral – 1-mart kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston mehmonxona xoʻjaliklari uyushmasi tomonidan va Turizm qoʻmitasi koʻmagida tashkil etilgan “HOTEL BUSINESS FORUM-2024” xalqaro forumi doirasida boʻlib oʻtdi.

    Taʼkidlash joizki, taqdirlash marosimi 2021-yildan buyon Oʻzbekiston mehmonxona xoʻjaliklari uyushmasi tashabbusi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi koʻmagida oʻtkazib kelinyapti. Tanlov mamlakatning turistik jozibadorligini, turizm va mehmondoʻstlik sohasidagi xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.

    Mukofot investorlarni, tarmoq va alohida mehmonxonalar top-menejmentini, xalqaro brendlarning bosh menejerlarini, mehmonxona operatorlarini, xizmat koʻrsatuvchi provayderlarni, ekspertlar va mehmondoʻstlik sohasidagi ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradi.

    Bu yil Oʻzbekistonning barcha hududidan mehmonxonalar va turar joy obyektlari tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirdi. Ishtirokchilar geografiyasi Toshkentdan Nukusgacha kengaytirildi, 210 ta ariza kelib tushdi. Gʻoliblar eng yaxshi kichik mehmonxona, eng yaxshi mehmonxona nonushtasi, yil kashfiyoti kabi jami 31 nominatsiya boʻyicha aniqlandi. Ular Turizm qoʻmitasi raisining oʻrinbosari hamda hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan taqdirlandi, deb xabar beradi turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Toshkentdagi eng yaxshi kichik mehmonxona nominatsiyasida “Europe Hotel” gʻolib chiqdi. “Kosh Havuz Boutique” (Samarqand) eng yaxshi butik-mehmonxona sektorida birinchi boʻlib eʼtirof etildi. Qolgan nominatsiyalar quyidagicha:

    - Yil kashfiyoti: 1) Wyndham Garden Zomin 2) Wyndham Bukhara Hotel 3) Intercontinental Tashkent;

    — Eng yaxshi yotoqxona: Campus Hostel;

    — Toshkentdagi eng yaxshi biznes mehmonxona: Crowne Plaza;

    — Eng yaxshi apartotel: Badem Garden;

    — Toshkentdagi eng yaxshi MICE mehmonxonasi: Hilton Tashkent city.