Maʼlum qilinishicha, poytaxt aeroportida “yashil” yoʻlak orqali sport ozuqasi niqobi ostida 560 grammdan ortiq “alfa-PVP” sintetik giyohvandlik moddasini olib kirishga uringan xorijlik shaxs bojxonachilar tomonidan qoʻlga olingan.

Tezkor tadbirlar shu bilan cheklanib qolmadi. Bojxona organlari Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda jinoyat zanjirining boshqa ishtirokchilarini ham aniqladi.

Xususan, Toshkent shahrining Bektemir tumanida mazkur yukni qabul qilib olishi kerak boʻlgan shaxs ushlanib, uning uyida tashkil etilgan yashirin laboratoriya fosh etildi. U yerdan tarqatishga tayyorlangan oʻramlar, elektron tarozilar va zip-paketlar topilgan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida 14 kg 680 gramm “opiy” moddasini 180 ming AQSH dollariga sotmoqchi boʻlgan shaxs jinoyat ustida qoʻlga olingan.

Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon bojxona organlari tomonidan 383 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.