Toshkent: noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi fosh etildi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron va Mirzo Ulugʻbek tuman boʻlimlari tomonidan noqonuniy tamaki mahsulotlarining savdosiga chek qoʻyish boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Departamentning Ohangaron shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan U.Sh. jami 2 500 kg quritilgan tamaki mahsulotini fuqaro S.X.ga 5 000 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, Departamentning Mirzo Ulugʻbek tuman boʻlimi va soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda YATT “M.M.”ga qarashli savdo shoxobchasi sotuvchisi I.Q. xaridorga aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo shoxobchasidan umumiy bahosi 146 mln soʻmlik jami 6 547 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Hozirda ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.