Mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi ochiq tashqi siyosiy strategiyasi doirasida ilgari surildi.
Ushbu gʻoya Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish orqali mintaqamiz bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-sivilizatsion yoʻnalishlarda tarixan chambarchas bogʻliq boʻlgan hudud — Janubiy Osiyoga chiqishni nazarda tutadi.
Oliy darajadagi mazkur konferensiya transport-logistika, energetika, savdo, ishlab chiqarish, investitsiya, texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda “Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo” formatidagi oʻzaro manfaatli strategik aloqa modelini koʻp tomonlama muhokama qilish uchun siyosiy va ekspertlar maydonini shakllantirishga moʻljallangan.
Tadbir ochilish marosimi, bitta yalpi majlis, uchta seksion yigʻilish va yakuniy qismdan iborat boʻladi. Konferensiyada 40 dan ortiq mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan 250 dan ortiq ishtirokchilar qatnashmoqda.
Konferensiyani yoritish uchun Toshkentga 90 ga yaqin jurnalist va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurishgan.